Yangiliklar

Eyfel minorasi ochilishi, «Matrisa» premyerasi va Isaak Nyuton vafoti — kun tarixi

31-martda sodir bo‘lgan tarixiy hodisalar
Kollaj / Kursiv Uzbekistan

31-mart sanasi arxitektura, san’at, sport va ilm-fan olamidagi yorqin voqealar bilan tarix sahifalaridan o‘rin olgan. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealarini xronologik tartibda taqdim etadi.

Foto: deutschlandmuseum.de

1685-yili barcha musiqa va san’at maktablarida asarlari o‘qitiladigan buyuk nemis kompozitori Iogann Sebastyan Bax tavallud topdi. U o‘z hayoti davomida mingdan ortiq asarlar yaratgan bo‘lib, barokko davri musiqasining eng cho‘qqisi hisoblanadi. Uning polifoniya uslubidagi ijodi jahon musiqasi rivojiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan.

Foto: crystalinks.com

1727-yilda fizika fanida butun olam tortishish qonunini yaratgan buyuk ingliz olimi Isaak Nyuton vafot etdi. U o‘zining «Tabiat falsafasining matematik tamoyillari» asari bilan klassik mexanikaga asos solgan. Nyuton qonunlari nafaqat fizika kursining ajralmas qismi, balki zamonaviy ilm-fanning tamal toshi sanaladi.

Foto: Gray Line

1889-yili Parijda jahonning eng mashhur arxitektura inshootlaridan biri — Eyfel minorasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Muhandis Gyustav Eyfel loyihasi asosida Jahon ko‘rgazmasi uchun qurilgan bu inshootning balandligi dastlab 312 metrni tashkil qilgan. Bugungi kunda u Fransiyaning eng asosiy ramzi va dunyodagi eng ko‘p sayyohlar tashrif buyuradigan obidalardan biri hisoblanadi.

Foto: The Guardian

1971-yilda golivud aktyori Yuen Makgregor dunyoga keldi. U «Yulduzlar jangi» filmidagi Jedi ustasi Obi-Van Kenobi roli bilan dunyoga va yoshlarimizga juda yaxshi tanish. Aktyor o‘zining boy ijodiy faoliyati davomida «Oltin globus» hamda «Emmi» kabi nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘lgan.

Foto: neilleifer.com
Muhammad Ali vs Ken Norton II | HIGHLIGHTS Legendary Boxing Fight | 8K Ultra HD

1973-yili boks tarixidagi eng esda qolarli va hayratlanarli voqealardan biri sodir bo‘ldi. Afsonaviy Muhammad Ali Ken Nortonga qarshi ringga ko‘tarilib, kutilmaganda ochkolar hisobiga mag‘lubiyatga uchradi. O‘sha jangda Norton Alining jag‘ini sindirib qo‘yganiga qaramay, Ali 12 raund davomida kurashni matonat bilan davom ettirgan edi.

Foto: CNN
The Matrix (1999) Official Trailer #1 - Sci-Fi Action Movie

1999-yilda kiberolam, virtual reallik va sun’iy intellekt xavfi haqidagi afsonaviy «Matrisa» blokbasterining premyerasi AQShda bo‘lib o‘tdi. Aka-uka Vachovskilar tomonidan suratga olingan bu film vizual effektlari va falsafiy g‘oyalari bilan kinematografiyada inqilob qildi. Kartina o‘zbekistonlik kinomuxlislar orasida ham juda katta shuhrat qozonib, to‘rtta «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 28-mart sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.