Avto

Geely Galaxy Starshine 8 avtomobili yangilandi

Model to‘rtta komplektatsiyada taklif etiladi
Geely Galaxy Starshine 8 avtomobili yangilandi
Foto: Geely

Geely kompaniyasi Geely Galaxy Starshine 8 modelining yangilangan Voyager seriyasini taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Model to‘rtta komplektatsiyada taklif etiladi. Narxlar 142,8 ming yuandan boshlanib, 172,8 ming yuangacha yetadi. Bu taxminan $19,9 mingdan $24 minggacha degani.

Yangilangan modelning asosiy yangiligi — LiDAR sensoriga ega haydovchi yordam tizimi. Avtomobil Qianli Haohan H5 tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, unda lidar, 11 ta kamera, radarlar va ultratovush sensorlari mavjud. Tizim shahar va trassada avtomatik boshqaruv hamda parkovka funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: Autohome

Salon qismi ham yangilangan. Avtomobil Flyme Auto 2 multimedia tizimi va 23 ta karnayli audio tizim bilan jihozlangan. Orqa o‘rindiqlarda isitish, shamollatish va massaj funksiyalari mavjud. Texnik jihatdan model plug-in gibrid tizimga ega. EM-i versiyasida 1,5 litrli dvigatel va elektr motor birgalikda 257 kW quvvat beradi. Batareya sig‘imi 28,3 kVt/soat bo‘lib, sof elektr yurish masofasi 225 km ni tashkil etadi. Yoqilg‘i sarfi 3,32 litr atrofida.

Foto: Autohome

Kuchliroq EM-P versiyasida esa 1,5T dvigatel qo‘llanilgan. Umumiy quvvat 300 kW ga yetadi. Bu variant ham yuqori samaradorlikni ta’minlaydi. Avtomobil o‘lchamlari o‘zgarmagan. Uzunligi 5018 mm, g‘ildirak bazasi 2928 mm. Dizaynda yangi ranglar va sport elementlari qo‘shilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely Atlas avtomobili qanday imkoniyatlar bilan yangilangani haqida yozgan edi.