
Google foydalanuvchilar uchun Gmail manzilini o‘zgartirishning yangi imkoniyatini bosqichma-bosqich joriy etmoqda. Bu haqda TechCrunch nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, AQShdagi ayrim foydalanuvchilar endi Gmail manzilini hisobni qayta yaratmasdan va mavjud ma’lumotlarni yo‘qotmasdan o‘zgartira oladi. Buning uchun Google Account sozlamalarida Personal info > Email > Google Account email bo‘limi orqali «Change Google Account email» tugmasini tanlashi lozim.
Yangi tartibga muvofiq, foydalanuvchilar o‘z foydalanuvchi nomini har 12 oyda faqat bir marta o‘zgartira oladi. Shuningdek, shu muddat davomida yangi elektron pochta manzilini o‘chirib tashlash imkoniyati mavjud bo‘lmaydi.
Eski elektron pochta xabarlari saqlanib qoladi va avvalgi manzil hisob uchun qo‘shimcha (alternativ) manzil sifatida ishlashda davom etadi. Foydalanuvchilar tizimga kirishda ham eski, ham yangi manzildan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur funksiya dastlab ayrim hind tilida so‘zlashuvchi hududlarda sinovdan o‘tkazilgan va hozirda bosqichma-bosqich kengaytirilmoqda. Shu sababli barcha foydalanuvchilar darhol ushbu imkoniyatdan foydalana olmasligi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Instagram’da yangi pullik obuna paydo bo‘lishi haqida xabar qilgan edik.