Yangiliklar

Instagram’da yangi pullik obuna paydo bo‘lishi mumkin

Narxi $2 atrofida etib belgilanishi kutilmoqda
Instagram’da yangi pullik obuna paydo bo‘lishi mumkin / Foto: Tech Crunch

Meta kompaniyasi Instagram platformasida yangi pullik obuna xizmatini sinovdan o‘tkazishni boshladi. Bu haqda Tech Crunch nashri ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, «Instagram Plus» deb nomlangan ushbu obuna foydalanuvchilarga bir qator eksklyuziv funksiyalarni taqdim etadi. Jumladan, obunachilar boshqalarning «story»larini muallifga bildirmasdan ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, foydalanuvchilar o‘z «story»larini nechta odam qayta ko‘rganini ham aniqlay oladi.

Yangi funksiyalar orasida «story» uchun kengaytirilgan sozlamalar ham mavjud. Endilikda foydalanuvchilar auditoriyani faqat «Yaqin do‘stlar» bilan cheklab qolmay, turli guruhlarga ajratgan holda cheksiz ro‘yxatlar tuzishi mumkin. Bu esa har bir «story»ni kimlar ko‘rishini aniq belgilash imkonini beradi.

Bundan tashqari, obunachilar «story» muddatini qo‘shimcha 24 soatga uzaytirishi va haftasiga bir marta uni ajratib ko‘rsatishi mumkin. Bu funksiya orqali «story» obunachilar lentasining yuqori qismida joylashib, ko‘proq e’tibor qozonadi. Yana bir qulaylik — animatsiyali «superlike» yuborish hamda «story»ni ko‘rganlar ro‘yxatidan kerakli foydalanuvchini tezda qidirib topish imkoniyatidir.

Hozircha Meta ushbu xizmat qaysi davlatlarda sinovdan o‘tayotganini rasman ochiqlamagan. Biroq, u Meksika, Yaponiya va Filippinda test qilinmoqda. Narxlar ham hududga qarab farq qiladi: Meksikada oyiga taxminan $2,20, Yaponiyada $2, Filippinda esa $1,07 atrofida etib belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Instagram maxfiy yozishmalarni to‘liq shifrlashdan voz kechgani haqida yozgan edik.