
Meta optik linzalar bilan foydalanishga mo‘ljallangan yangi Ray-Ban «aqlli» ko‘zoynak modellarini taqdim etdi. Bu haqda TechCrunch nashri ma’lum qildi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yangi qurilmalar ko‘zoynakni kun bo‘yi taqib yuradigan foydalanuvchilar uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, deyarli barcha turdagi retsept linzalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu orqali avvalgi modellarga nisbatan kengroq auditoriyani qamrab olish ko‘zda tutilgan.
Yangi ko‘zoynaklar $499 dan boshlanadigan narxda 14-apreldan boshlab AQSh va ayrim xalqaro bozorlardagi optika do‘konlarida sotuvga chiqariladi. Ular ikki xil dizaynda – to‘g‘ri to‘rtburchak shakldagi Blayzer (Standard va Large o‘lchamlarda) hamda yumaloqroq ko‘rinishdagi Scriber variantlarida taqdim etiladi.
Bundan tashqari, kompaniya Ray-Ban Meta va Oakley Meta ramkalari uchun yangi ranglar va linza variantlarini ham taqdim etdi. «Aqlli» funksiyalar qatorida sun’iy intellekt asosida ovqatlanishni kuzatish imkoniyati ham mavjud bo‘lib, foydalanuvchilar ovoz yoki surat orqali ma’lumot kiritishi mumkin.
Shuningdek, qurilmalarga WhatsApp xabarlari uchun qo‘lsiz qisqacha mazmun funksiyasi qo‘shilmoqda. Yangi Neural Handwriting texnologiyasi yordamida foydalanuvchilar barmoq harakati orqali xabarlarga javob berishi mumkin bo‘ladi. Mazkur imkoniyat Instagram, Messenger va boshqa platformalarda ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq WhatsApp CarPlay foydalanuvchilari uchun alohida ilovani sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgan edik.