Onlayn petitsiya: hayvonlarni himoya qilish bo‘yicha qonunlarni kuchaytirish taklif etilmoqda

O‘zbekistonda hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ortidan jamoatchilik tomonidan jazolarni kuchaytirishga chaqiriqlar kuchaymoqda. Shu munosabat bilan onlayn petitsiya e’lon qilinib, amaldagi choralar yetarli emasligi ta’kidlandi.
So‘nggi paytlarda turli hududlarda hayvonlarning zaharlanishi va shafqatsizlarcha o‘ldirilishi bilan bog‘liq holatlar qayd etilgan. Xususan, Angrenda qarovsiz hayvonlar zaharlangani, Bo‘stonliq tumanida esa mushuklar o‘ldirilgani haqidagi xabarlar jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgan. Ayrim holatlarda aybdorlar qisqa muddatli qamoq bilan cheklangani ham tanqid qilinmoqda.
Petitsiya mualliflari hayvonlarga nisbatan shafqatsizlikni faqat axloqiy muammo emas, balki jamiyat xavfsizligiga tahdid sifatida baholamoqda. Ular bunday jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, shuningdek, maktablar va ommaviy axborot vositalari orqali aholining xabardorligini oshirish zarurligini ilgari surmoqda.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bunday huquqbuzarliklar uchun jarima yoki ma’muriy qamoq jazolari belgilangan. Biroq og‘ir oqibatlarga olib kelgan holatlar jinoyat sifatida ko‘rilib, yanada qat’iy jazolar qo‘llanishi mumkin.
Shuni ham qayd etish lozimki, mazkur petitsiya Google Forms platformasi orqali yaratilgan. Holbuki, Mening fikrim portali O‘zbekistonda rasmiy onlayn petitsiyalar uchun mo‘ljallangan bo‘lsa-da, hozirda u avvalgi faolligini yo‘qotgani aytilmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ushbu portalga yuborilgan murojaatlar dastlab Oliy Majlis huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti tomonidan ko‘rib chiqiladi. Shundan so‘ng petitsiya umumxalq ovoziga qo‘yiladi va uni vakolatli davlat organlari ko‘rib chiqishi uchun kamida 10 mingta ovoz to‘planishi talab etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bo‘stonliqdagi mehmonxonada mushuklarga zo‘ravonlik qilgan xodimlar qamalgani haqida yozgandi.
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi mehmonxonada mushuklarga nisbatan zo‘ravonlik qilgan 33 yoshli shaxs 15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi.
Sud uni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi 2-qismiga asosan aybdor deb topdi. Mazkur modda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lib, ularning o‘limiga yoki jarohatlanishiga sabab bo‘lganlik uchun 15 sutkagacha qamoq jazosini nazarda tutadi.
Ikkinchi ayblanuvchi – 30 yoshli shaxs ham mushuklarga nisbatan zo‘ravonlik qilgan va ularga qurol bilan o‘q uzgan. U Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 220−1-moddasi (qurolni noqonuniy olib kirish) bo‘yicha 10 sutka qamoq jazosiga hukm qilindi. Ushbu modda doirasida qurol musodara etilishi ham ko‘zda tutilgan.
Ma’lum qilinishicha, har ikki shaxs ham mehmonxonada ishlagan, biroq ularning to‘liq shaxsi oshkor etilmagan.