Oylik maosh 2000 yevrogacha: Bolgariyada rasmiy ish uchun yangi vakansiyalar e’lon qilindi

Bolgariyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun oylik maoshi 2 ming yevrogacha bo‘lgan rasmiy ish o‘rinlari taklif etilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.
Mazkur ish o‘rinlari United Careers XBA MChJ xususiy bandlik agentligi tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, agentlik 2026-yil 18-fevralda berilgan №1386952 litsenziya asosida faoliyat yuritadi. E’lon qilingan vakansiyalar orasida enaga, chorvador (ot parvarishi), hamshira, tikuvchi, stanok operatori (tokar) hamda transport dispetcheri kabi yo‘nalishlar mavjud.
Enaga lavozimi uchun oylik maosh 1,5 ming yevro bo‘lib, ingliz tilini bilish talab etiladi. Chorvadorlik ishida esa 2 ming yevro maosh taklif qilinadi va nomzoddan traktorchi guvohnomasi talab qilinadi. Hamshiralarga 1,8 ming yevro, tikuvchilarga 900 yevro, stanok operatorlariga 1 ming yevro hamda transport dispetcherlariga 1 ming yevro miqdorida oylik maosh belgilangan.
Mehnat shartnomasi 3 yil muddatga tuziladi. Nomzodlarga turar joy, aviachipta, transfer, rasmiy ish shartnomasi hamda barqaror va uzoq muddatli ish imkoniyati taqdim etiladi. Ayrim holatlarda ovqatlanish uchun vaucher ham berilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, nomzodlar agentlik xizmat haqi, tayyorlov kursi to‘lovi va elchixona yig‘imini mustaqil ravishda qoplashi lozim. Har bir nomzod Xorijda ish platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tishi shart.
Mehnat shartnomasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish beruvchi bilan tuziladi va agentlik ish beruvchi sifatida ishtirok etmaydi. Ishga joylashtirish ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi hamda taqdim etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi uchun agentlik ma’muriyati javobgar hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bolgariyada yuk mashinasi haydovchilari uchun 3 ming yevrolik ish taklif etilgan edi.