
Joriy yilning yanvar–fevral oylarida O‘zbekistonda Chevrolet Cobalt avtomobilini ishlab chiqarish 19,3 foizga ko‘paydi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, ayrim modellarda ishlab chiqarish sezilarli oshgan bo‘lsa, boshqalarida pasayish kuzatilgan.
Eng katta o‘sish Cobalt modelida qayd etilib, ikki oy davomida 23,2 ming dona avtomobil ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,3 foizga yuqori hisoblanadi.
Shu bilan birga, Damas ishlab chiqarish hajmi kamayib, 12,3 ming donani tashkil etdi (o‘tgan yili — 12,9 ming dona). Ammo, Tracker modeli bo‘yicha o‘sish kuzatilib, ishlab chiqarish 6,2 ming donaga yetdi.
Xorijiy brendlar bozorida ham biroz pasayish qayd etildi. Jumladan, Kia avtomobillarining ishlab chiqarish hajmi qariyb 4 ming dona bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 1,5 foizga kamaydi. Chery brendi esa 7,3 foiz pasayish bilan 1,2 ming dona natijani ko‘rsatdi.
Umuman olganda, dastlabki ikki oyida mamlakatda 64,2 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning shu davridagi 57,3 ming dona ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqoridir.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistondagi yagona Cobalt avtomobili puliga arziydimi yo‘qmi, shu haqida yozgandi.