Prezident Qozog‘iston tashqi ishlar vazirini qabul qildi

eʼlon qilindi
Uchrashuvda bir qator muhim masalalar muhokama qilindi
Prezident Qozog‘iston tashqi ishlar vazirini qabul qildi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayev boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Uchrashuv avvalida mehmon prezidentga Qosim-Jomart Toqayevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi yaqin do‘stlik, strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.

Suhbat davomida parlamentlar, hukumatlar, hududlar va ishbilarmon doiralar darajasida yo‘lga qo‘yilgan faol hamkorlik aloqalari alohida qayd etildi. Qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning samarali faoliyati, shuningdek, tovar ayirboshlash hajmining barqaror o‘sib borayotgani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, sanoat, energetika, transport, ekologiya va suvdan foydalanish sohalarida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. Uchrashuvda iqtisodiy loyihalarni jadallashtirish, nodir metallar sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sayyohlik oqimini oshirish hamda gumanitar almashinuv dasturlarini kengaytirish muhokama qilindi.

Shuningdek, kosmos va kreativ iqtisodiyot yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish hamda bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar kun tartibini puxta tayyorlash muhimligi ta’kidlandi. Tomonlar xalqaro va mintaqaviy siyosat masalalari yuzasidan ham fikr almashdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari Buxorodagi tarixiy obidalarni ziyorat qilgan edi.

Shuningdek