Yangiliklar

Samarqanddagi noqonuniy qum-shag‘al qazish oqibatida 63 mln so‘mlik zarar aniqlandi

Qonunbuzarlarning har biriga nisbatan MJtK 70-modda asosida BHMning 30 barobari miqdorida jarima belgilangan
Samarqanddagi noqonuniy qum qazish oqibatida 63 mln so‘mlik zarar aniqlandi
Foto: Ekologiya bosh boshqarmasi

Samarqand viloyatida noqonuniy qum-shag‘al qazib olish holati fosh etildi. Bu haqda viloyat Ekologiya bosh boshqarmasi ma’lum qildi. Tabiatga yetkazilgan zarar 63 mln so‘mni tashkil etgan.

Holat Pastdarg‘om tumani «Elbek» MFY hududida aniqlangan. Ekologiya inspektorlari sel yo‘lidan noqonuniy qazish ishlari olib borilayotganini aniqlagan. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro D.S va J.E ekskavatorlar yordamida qora qum aralashmasini qazib olgan. Qazilgan material yuk mashinalariga ortilgan.

Qonunbuzarlarga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanildi. Ularga MJtK 70-modda asosida har biriga BHMning 30 barobari miqdorida jarima belgilandi.

Foto: Ekologiya bosh boshqarmasi

Shuningdek, tabiatga yetkazilgan zarar uchun 63 mln so‘m undirish belgilandi. Qonunbuzarlikda foydalanilgan texnika vaqtincha jarima maydonchasiga joylashtirildi. Hozirda hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samarqandda noqonuniy qazib olingan qum-shag‘al sababli tabiatga 422 mlrd so‘m zarar yetkazilgani haqida yozgan edi.

Toyloq tumani hududidan oqib o‘tuvchi, qazish ishlari taqiqlangan daryo o‘zanida noruda materiallar tungi vaqtda noqonuniy qazib olingan. Ushbu materiallar Urgut tumani va Samarqand shahrini bog‘lovchi yangi temir yo‘l liniyasi orqali maxsus beton moslamalar yordamida tashilib, «Zarafshon Propriety Service» MChJ hududiga olib borilgan.