
Germaniyaning Volkswagen kompaniyasi va SAIC hamkorligida ishlab chiqilgan yangi Volkswagen ID. Era 9X krossoveri Xitoyda oldindan buyurtma bosqichiga chiqdi. Model to‘liq o‘lchamli oilaviy SUV segmentiga mo‘ljallangan bo‘lib, zamonaviy texnologiyalar va katta hajmi bilan ajralib turadi.
Yangi model 5,2 metr uzunlikka ega bo‘lib, bu uni segmentdagi eng yirik avtomobillardan biriga aylantiradi. Mashina dizaynida aerodinamik yechimlar qo‘llanilgan va qarshilik koeffitsienti 0,253 Cd ni tashkil etadi. Bu esa yonilg‘i va energiya samaradorligini oshiradi. Model tashqi ko‘rinishda zamonaviy chiziqlar, tomdagi lidar sensori, yashirin eshik tutqichlari va yagona orqa chiroq paneli bilan ajralib turadi.

Salon qismi 6 o‘rindiqli qilib ishlab chiqilgan. Ichki makonda ikkita 15,6 dyuymli ekran, kichik raqamli panel va head-up display mavjud. Ikkinchi qatorda alohida ekranlar o‘rnatilgan bo‘lib, yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi. Bundan tashqari, nol-gravitatsiya o‘rindiqlari, 27 ta karnaydan iborat audio tizim va shiftga o‘rnatilgan katta ekran mavjud.

Texnik jihatdan model EREV tizimiga ega. Ya’ni benzin dvigateli to‘g‘ridan-to‘g‘ri g‘ildiraklarni aylantirmaydi, balki generator sifatida ishlaydi. Asosiy harakat elektr motorlar orqali amalga oshiriladi. Modelda 1,5 litrli dvigatel qo‘llanilgan bo‘lib, u 105 kW quvvat ishlab chiqaradi. To‘liq g‘ildirakdan tortish tizimi esa 370 kW (496 ot kuchi) quvvat beradi. Batareya sig‘imi 51,1 kVt/soat bo‘lib, sof elektr yurish masofasi 347 km ni tashkil etadi. Umumiy yurish masofasi esa 1611 km gacha yetadi. Yuqori versiyada esa 65,2 kVt·soat batareya bilan 406 km elektr yurish imkoniyati va 1651 km umumiy masofa taklif etiladi. Mashina 0 dan 100 km/soat tezlikka 5,6 soniyada chiqadi.

Model ilg‘or haydovchi yordam tizimlari bilan ham jihozlangan. Unda lidar, 12 ta kamera, ultratovushli sensorlar va radar tizimlari mavjud. Shuningdek, avtomobil shahar va trassada avtomatik harakatlanish funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Narxlar:
| Model | Narx (yuan) | Narx ($) |
|---|---|---|
| ID. Era 9X Pro AWD | 329 800 | ~$47 700 |
| ID. Era 9X Max AWD | 359 800 | ~$52 000 |
| ID. Era 9X Ultra AWD | 379 800 | ~$54 900 |
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Volkswagen ID. Unyx 08 avtomobili uchun sotuvlar boshlangani haqida yozgan edi.