Yangiliklar

Yangi avlod Toyota Corolla an’anaviy dvigatellar bilan ishlab chiqariladi

Kompaniya 13-avlod modeli orqali ommaboplikni saqlab qolishni maqsad qilgan
Foto: Autoblog

Toyota kompaniyasi o‘zining 13-avlod Corolla modeli keng ommaga mo‘ljallangan bo‘lishi bilan birga, ichki yonuv dvigatellarini ham saqlab qolishini ma’lum qildi. Bu haqda CarBuzz nashri xabar bermoqda.

Foto: Autoblog

2027-yilgi Toyota Corolla modeli avvalgi 1,8 litrli dvigatel o‘rniga yanada tejamkor 1,5 litrli gibrid to‘rt silindrli motor bilan jihozlanishi kutilmoqda. Keyinchalik to‘liq elektr va plagin-gibrid versiyalari ham taqdim etilishi mumkin.

Foto: Toyota

Shuningdek, xabarlarga ko‘ra, joriy yilda modelning 60 yilligiga bag‘ishlangan maxsus modeli ishlab chiqarilishi mumkin. Ushbu avtomobil qora rangda bo‘lishi va salon qismi Century modeliga ishora qiluvchi kulrang sun’iy charm bilan bezatilishi taxmin qilinmoqda.

Foto: Toyota

Maxsus modelning boshlang‘ich narxi oldingi tortuvchi g‘ildirakli versiya uchun 3,2 mln iyenani ($20 ming) tashkil etadi. To‘liq tortuvchi g‘ildirakli versiya esa 3,4 mln iyena ($21,3 ming) qiymatida baholanmoqda. Uning Shimoliy Amerika bozorida sotuvga chiqishi hozircha noma’lum.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangi Toyota Corolla modeli Xitoyda savdoga chiqarilgani haqida xabar bergan edi.