Avto

Yangi Zeekr 007 va 007 GT avtomobillari qachon chiqadi

Ular 2-apreldan oldindan buyurtmaga chiqadi
Yangi Zeekr 007 va 007 GT avtomobillari qachon chiqadi
Foto: Zeekr

Geely tarkibidagi premium elektromobil brendi Zeekr yangilangan Zeekr 007 va 007 GT avtomobillarini 10-aprel kuni savdoga chiqaradi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda. Ular 2-apreldan oldindan buyurtmaga chiqadi.

Yangilangan Zeekr 007 tashqi ko‘rinishda yanada sport uslubiga ega bo‘ldi. Old qismda yangi havo kirish elementlari paydo bo‘lgan, karbon paket esa opsiya sifatida taklif qilinadi. Model uzunligi 4858–4880 mm, g‘ildirak bazasi esa 2925 mmni tashkil etadi.

Foto: MIIT

Texnik jihatdan model 900V yuqori kuchlanishli platformaga o‘tkazilgan. Unda Nvidia Drive Thor-U chipi qo‘llanib, aqlli haydovchi tizimlari yanada rivojlantirilgan. Zeekr 007 GT esa shooting brake kuzovida ishlab chiqilgan bo‘lib, dizaynda katta o‘zgarish yo‘q. O‘lchamlari deyarli bir xil, faqat balandligi biroz farq qiladi. Ikkala model ham bir motorli va ikki motorli variantlarda taqdim etiladi.

Bir motorli versiya 370 kW (496 ot kuchi) quvvat beradi. Ikki motorli variantda old motor 215 kW, orqa motor esa 370 kW quvvatga ega. Maksimal yurish zaxirasi 905 kmgacha yetadi. 0 dan 100 km/soat tezlikka chiqish vaqti esa 2,73 soniyani tashkil etadi.

Foto: MIIT

Kompaniya shuningdek cheklangan seriyadagi Zeekr 001 5th Anniversary Edition modelini ham taqdim etadi. Ushbu versiya 925 ot kuchiga ega bo‘lib, 0–100 km/soat tezlikka taxminan 2 soniyada chiqadi. Modelda sport osma tizimi va maxsus premium salon mavjud.

Zeekr ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya shooting brake segmentida yetakchi hisoblanadi. 2021–2025 yillarda bu turdagi modellari global sotuvlarda birinchi o‘rinni egallagan. 2026-yil mart holatiga ko‘ra, ushbu segmentdagi umumiy sotuvlar 350 ming donadan oshgan.

Foto: MIIT

Narxlar hozircha rasman ochiqlanmagan. Biroq yangilangan modellarda yarimo‘tkazgich va batareya xarajatlari oshgani sabab narxlar 5 mingdan 8 ming yuan ($700–$1,2 ming) gacha qimmatlashishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Zeekr 007 GT avtomobili Xitoyda to‘liq sotilgani haqida yozgan edi.