Abduqodir Husanovning farzanli bo‘lgani «Siti»da qanday qabul qilindi

Yaqinda «Manchester Siti» klubi va O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov farzandli bo‘ldi. Husanovning agenti voqea tafsilotlarini so‘zlab berdi.
«Men bu haqida birinchilardan bo‘lib bildim va darhol Ugo Vianega qo‘ng‘iroq qildim. U buni Guardiolaga aytish mumkinligini so‘radi. Men esa: ‘Albatta, ha’ dedim. Buni eshitgan Pep butun jamoa oldida, kiyim almashtirish xonasida Abduqodirni farzandli bo‘lgani bilan tabrikladi», — deydi agent.
Agentning ta’kidlashicha, Abduqodir sovuqqon va doimo mehnatkash o‘yinchi sifatida tanilgan. Uning o‘yindagi motivatsiyasi katta qismida otasining ruhiy va professional qo‘llab-quvvatlashiga bog‘liq bo‘lgan. Otasi unga bergan maslahatlari har doim ruhlantirib turgan.
«Klubdagi hamma Abduqodirni mukammal o‘yinchiligini, hech qanday kamchiligi yo‘qligini aytadi», deya qo‘shimcha qiladi himoyachining agenti.
Ma’lumot uchun, 22 yoshli futbolchi 14-mart kuni o‘g‘il farzandning otasi bo‘lgan edi. Yosh oila ilk farzandiga Dovud ismini qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abduqodir Husanov «Manchester Siti»ning oy o‘yinchisi nomiga nomzod bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.