AQSh senatori Xitoy avtomobillarini taqiqlashni taklif qildi

AQSh senatori Bernie Moreno Xitoy avtomobillarini «xavf» deb atab, ularni to‘liq taqiqlash tashabbusi bilan chiqdi. Bu haqda CarNewsChina nasri xabar bermoqda.
Senator aprel oyida yangi qonun loyihasini taqdim etishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, AQSh bozoriga Xitoy bilan bog‘liq har qanday avtomobillar kirishi to‘liq yopilishi mumkin. Bu taqiq nafaqat avtomobillarga, balki ularning dasturiy ta’minoti va hamkorlik loyihalariga ham taalluqli bo‘ladi.
Moreno bu tashabbusni milliy xavfsizlik bilan izohlagan. U Xitoy avtomobillarida ma’lumot yig‘ish xavfi borligini ta’kidladi. Senator hatto bu holatni telekommunikatsiya sohasidagi Huawei taqiqi bilan solishtirdi. U boshqa davlatlarni ham AQShni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Xususan, u Yevropa, Kanada va Lotin Amerikasi mamlakatlari ham shunday choralar ko‘rishi kerakligini aytgan.
Mazkur tashabbus AQSh avtomobil sanoati vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ular ichki bozorni himoya qilish zarurligini bildirmoqda.
Biroq bu bayonot Xitoy tomonidan tanqid qilindi. Vashingtondagi Xitoy elchixonasi AQShni proteksionizmda aybladi va bu choralar erkin raqobatga zid ekanini ta’kidladi. Masala diplomatik jihatdan ham muhim davrga to‘g‘ri kelmoqda. Donald Tramp may oyida Xitoyga tashrif buyurishi kutilmoqda. Avvalroq u Xitoy kompaniyalari AQShda ishlab chiqarish ochsa, bunga qarshi emasligini bildirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chery va Jaguar Land Rover yangi Freelander brendini ishga tushirgani haqida yozgan edi.