Besh yilda banklar tomonidan aholiga 1,2 tonna bo‘lgan 65 ming dona oltin quyma sotildi — Markaziy bank

eʼlon qilindi
Regulyatorga ko‘ra, sotuvlarning asosiy qismini kichik hajmdagi quymalar tashkil etgan
Besh yilda banklar tomonidan aholiga 1,2 tonna bo‘lgan 65 ming dona oltin quyma sotildi — Markaziy bank
Foto: Unsplash

2020 – 2025-yillar oralig‘ida banklar tomonidan aholiga 1,2 tonna bo‘lgan 65 ming dona oltin quyma sotildi. Bu haqda Markaziy bankning oltin quymalar bo‘yicha sharhida ma’lum qilindi.

Regulyatorga ko‘ra, sotuvlarning asosiy qismini kichik hajmdagi quymalar tashkil etgan. Xususan, 5 va 10 grammli quymalar umumiy sotuvning 60 foizdan ortig‘ini egallagan.

Infografika: Markaziy bank

Qancha quyma qaytarib olindi

Shu bilan birga, 2020 – 2025-yillarda banklar tomonidan aholidan 201 kg oltin qayta sotib olingan. Bu jami 11,8 ming dona quyma degani. Qaytarib sotib olingan quymalar tarkibida ham 5 va 10 grammli mahsulotlar ustunlik qilgan. Ularning ulushi qariyb 65 foizni tashkil etgan.

So‘nggi ikki yilda talab keskin oshdi. 2024-yilda oltin quymalarga talab o‘rtacha ko‘rsatkichdan deyarli uch baravar yuqori bo‘lib, 236 kg.ni tashkil etdi. 2025-yilda esa bu ko‘rsatkich 661 kg.ga yetib, 8 baravar o‘sdi.

2025-yil alohida rekord yil bo‘ldi. Shu yilda sotilgan oltin quymalar hajmi 2020 – 2024-yillardagi umumiy ko‘rsatkichdan 18,4 foizga yuqori bo‘ldi. Donalar soni ham 33 939 taga yetib, oldingi davrdan 8,7 foizga oshdi.

Infografika: Markaziy bank

Elektron ko‘rinishdagi oltinni xarid qilish ko‘rsatkichlari

O‘zbekistonda oltin bozorini rivojlantirish doirasida yangi mexanizm joriy etilib, mijozlar banklarda elektron metall hisobvaraq ochish orqali oltinni jismoniy emas, balki elektron ko‘rinishda sotib olishi va qayta sotishi mumkin. Mazkur hisobvaraqlar egasizlantirilgan metall shaklida yuritiladi. Bu esa oltinni saqlash bilan bog‘liq xavflarni kamaytiradi va operatsiyalarni ancha qulaylashtiradi.

Oltinni faqat 5 yoki 10 gramm kabi standart o‘lchamlarda emas, balki 0,1 grammdan boshlab ham xarid qilish mumkin. Bu esa kichik mablag‘ bilan investitsiyalash imkonini beradi.

2025-yilda ushbu tizim orqali sezilarli natijalar qayd etildi. Banklar tomonidan elektron metall hisobvaraqlari orqali jami 169,74 kg oltin depoziti shakllantirildi. Bu operatsiyalar umumiy hisobda 311,7 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda zargarlik sanoati 3,3 karra o‘sib, 13 trln so‘mdan oshgani haqida yozgan edi.

Shuningdek