
Huawei kompaniyasi yangi flagman smartfonlarini aprel oyida taqdim etishi mumkin. Huaweicentral ma’lumotlariga ko‘ra, Huawei Pura 90 va Huawei Pura 90 Pro Max modellari 20 – 29-aprel oralig‘ida namoyish etiladi.
Taqdimot Shanxay shahrida o‘tkazilishi kutilmoqda. Tadbir doirasida kompaniya faqat smartfonlar bilan cheklanib qolmasligi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, Huawei yangi bukiladigan smartfonni ham ko‘rsatadi. Bundan tashqari, yangi aqlli soatlar, avtomobillar va planshet ham taqdim etilishi mumkin.
Bu safar Pura liniyasi qisqartirilgan bo‘lishi mumkin. Taxminlarga ko‘ra, kompaniya faqat ikkita modelni chiqaradi. Ya’ni standart Pura 90 va yuqori versiya Pura 90 Pro Max. Avvalgi sizdirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yangi flagmanlarda kamera tizimi yangilanadi. Xususan, telefoto kameralar uchun LOFIC texnologiyasi sinovdan o‘tkazilmoqda.
Ushbu texnologiya yorug‘ va kam yorug‘lik sharoitida tasvir sifatini yaxshilashi kutilmoqda. Bu esa Huawei flagmanlarining asosiy ustunliklaridan biriga aylanishi mumkin.
Rasmiy taqdimot yaqin kunlarda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Huawei noutbuk o‘rnini bosuvchi planshetni taqdim qilgani haqida yozgan edi.