Iroqda amerikalik jurnalist Shelli Kittleson o‘g‘irlandi — video

Iroqning Bag‘dod shahrida amerikalik jurnalist Shelli Kittleson 31-mart kuni noma’lum shaxslar tomonidan kuch ishlatilishi oqibatida o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda CNN xabar berdi.
AQSh rasmiylari ushbu vaziyatni diqqat bilan kuzatayotgani va Iroq hukumati bilan yaqin hamkorlikda ish olib borayotganini ma’lum qildi. Hozircha hodisa ortida turgan kuchlar aniq aytilmagan bo‘lsa-da, ayrim manbalar jurnalist ilgari Kataib Hizbulloh bilan bog‘liq tahdidlarga duch kelganini bildiradi.
Manbalarga ko‘ra, Kittleson avvalroq o‘z xavfsizligi yuzasidan ogohlantirilgan va unga mamlakatni tark etish tavsiya qilingan. Shunga qaramay, u voqea sodir bo‘lgan paytda Iroqda faoliyat yuritayotgan edi.
Mahalliy xavfsizlik kuchlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida gumonlanuvchilardan biri qo‘lga olingan. Bundan tashqari, hodisada foydalanilgan deb taxmin qilinayotgan transport vositalaridan biri ham aniqlanib, musodara qilingan. Hozirda qolgan shaxslarni aniqlash va jurnalistni topish bo‘yicha qidiruv ishlari davom etmoqda.
Shelli Kittleson Yaqin Sharq va Afg‘oniston mavzularida ishlaydigan tajribali jurnalist bo‘lib, uning materiallari xalqaro nashrlarda chop etilgan.
AQShning Iroqdagi elchixonasi esa ilgariroq fuqarolarni xavfsizlik sababli Iroqqa bormaslikka chaqirgan edi. Bayonotlarda mintaqada faol qurolli guruhlar xorijliklar uchun xavf tug‘dirishi mumkinligi alohida ta’kidlangan.
Hozircha jurnalistning qayerdaligi va holati bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘q.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan taniqli jurnalist Karim Bahriyev vafot etgani haqida yozgandi.