Yangiliklar

NASA Marsda rekord darajada nikel topdi

Tadqiqotlarga ko‘ra, ayrim namunalar tarkibida nikel ulushi 1,1 foizgacha yetgan
NASA Marsda rekord darajada nikel topdi
Foto: NASA

NASA kompaniyasining Perseverance rover apparati Marsdagi Jezero krateri hududida nikelning rekord darajadagi miqdorini aniqladi. Topilma Neretva nomli hududda qayd etilgan.

Tadqiqotlarga ko‘ra, ayrim namunalar tarkibida nikel ulushi 1,1 foizgacha yetgan. Bu Mars jinslarida bevosita o‘lchangan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Nikel 126 ta o‘rganilgan toshdan 32 tasida aniqlangan. O‘lchovlar roverdagi SuperCam asbobi yordamida amalga oshirilgan.

Eng yuqori ko‘rsatkichlar mayda donador cho‘kindi jinslarda kuzatilgan. Bu hududlar temirga boy sulfidlar va ularning parchalanish mahsulotlari bilan bog‘liq.

Olimlar bu jinslarning tuzilishi va kimyosi Yerda qadimgi davrlarda shakllangan piritga o‘xshashligini aytmoqda. Yerda nikel mikroorganizmlar hayoti uchun muhim element hisoblanadi. Qiziq jihati shundaki, nikelga boy hududlar ilgari organik modda va tiklangan oltingugurt aniqlangan joylarga yaqin joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri NASA oyda baza qurish jarayonlarini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.