
O‘zbekiston ketma-ket besh oy davomida oltin eksportini amalga oshirmayapti. Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar va fevral oylarida Markaziy bank tomonidan oltin sotuvi qayd etilmadi.
Joriy yilning dastlabki ikki oyida umumiy eksport hajmi $3,54 milliardni tashkil etib, 2025-yilning shu davriga nisbatan 23,4 foizga kamaydi. Eksport tarkibida xizmatlar yetakchi o‘rin egallab, $1,44 milliardga teng bo‘ldi. Sanoat mahsulotlari $643,2 million va oziq-ovqat mahsulotlari $350,7 million bilan keyingi o‘rinlarda turadi.
Oltin eksportining to‘xtashi esa savdo balansiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Eksport va import o‘rtasidagi farq salbiy saldo — uch barobarga oshib, $1,58 milliarddan $4,51 milliardgacha yetdi.
Qimmatbaho metallning jahon bozoridagi narxi yuqori bo‘lishiga qaramay (bir unsiya uchun taxminan $5 ming) O‘zbekiston oltin eksportini 2026-yil boshidan buyon amalga oshirmadi. Shu tariqa mamlakat oltin sotuvidan beshinchi oy ketma-ket foyda ko‘rmayapti.
Avvalroq «Kursiv» nashri Oʻzbekistonda oltin eksporti qariyb 69 foizga o‘sib, $8,4 mlrdni tashkil etgani haqida yozgandi.
Unga koʻra, avgust oyida oltin eksporti $836 mlnni, importi esa $150,1 mlnni tashkil etdi. 2024-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich deyarli 68,9 foizga o‘sib, $4,99 mlrdni tashkil etgan edi.
Shuningdek, Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari yangi rekordga yetdi va 1-mart holatiga koʻra $77 mlrdni tashkil etdi.
Regulyatorning e’lon qilishicha, fevral oyida xalqaro aktivlaning umumiy qiymati $2,2 (+2,9%) mlrdga oshgan. Oltin qiymati esa ketma-ket sakkizinchi oy rekordni yangilab, $67,67 mlrdga yetgan va yanvar oyga nisbatan bu koʻrsatkich $2,7 mlrdga, ya’ni (+4,1%) oshdi.