Yangiliklar

O‘zbekistonga tashrif buyuradigan sayyohlar soni 20 millionga yetkaziladi

2023-yilga qadar
O‘zbekistonga tashrif buyuradigan sayyohlar soni 20 millionga yetkaziladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev 1-aprel kuni mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lgan «BMT Turizm» bosh kotibi Shayxa Nosir Al Novaysni qabul qildi. Uchrashuvda turizmga oid muhim masala va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston va BMTning ushbu ixtisoslashtirilgan muassasasi o‘rtasidagi uzoq muddatli va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Tashkilot rahbari mamlakatda turizm sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. Sayyohlik infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xizmatlarni diversifikatsiya qilish, aviatsiya yo‘nalishlarini kengaytirish, yangi muzeylar ochish va yirik madaniy tadbirlarni muntazam o‘tkazish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi sakkiz yil ichida O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni 6 barobar oshib, deyarli 12 mlnga yetdi. Rejalarga ko‘ra, 2030-yilga qadar bu ko‘rsatkich 20 mlnga, turizmning mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotidagi ulushi esa 7 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Foto: President.uz

Uchrashuvda O‘zbekiston va «BMT Turizm» o‘rtasidagi hamkorlikning jadal sur’atda rivojlanayotgani ta’kidlandi. 2023-yilda Samarqand shahrida Tashkilot Bosh Assambleyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi, Xalqaro turizm akademiyasi tashkil etildi, shuningdek, yaqin kunlarda «Ipak yo‘lida turizm» mavzusidagi ofis ochilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 2027-yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Tomonlar sayyohlik sohasida xalqaro huquqiy bazani takomillashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ekspertlik va texnik hamkorlikni kengaytirish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash niyatida ekanini tasdiqladilar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Qozog‘iston tashqi ishlar vazirini qabul qilgan edi.