
O‘zbekistonda biznes-klass parvozlariga qiziqish oshib bormoqda — so‘nggi bir yil ichida biznes-klass bo‘yicha qidiruvlar 30 foizga ko‘paydi. Bu haqda Aviasales.uz Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
O‘rtacha chipta narxi taxminan 32,1 mln so‘mni tashkil qilmoqda, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 2% ga yuqoriroq. Shu bilan birga, eng qimmat chipta deyarli 91 mln so‘mni tashkil etdi.
O‘zbekistonlik yo‘lovchilar biznes-klassni yaqin yo‘nalishlar (Rossiya, Qozog‘iston, BAA) hamda AQSh, Xitoy, Janubiy Koreya va Germaniya kabi uzoq yo‘nalishlarda ko‘proq tanlamoqda. Xitoy esa birinchi marta mashhur yo‘nalishlar ro‘yxatiga kirdi, bu 2025-yil iyun oyida vizasiz rejim joriy etilishi bilan bog‘liq.
Bolalar bilan uchish ko‘pincha uzoq masofalarga bo‘ladi. Eng mashhur yo‘nalishlar — Misr (17%), Vetnam (15%), Kanada (11%), Indoneziya (9%) va Malayziya (8%).
Talab oshishi bilan narxlar ham ko‘tarildi. Masalan, Janubiy Koreya yo‘nalishidagi chiptalar 32 foizga, Kanadaga 59 foizga, AQShga esa 13 foizga qimmatlashdi.
Ushbu davrda eng qimmat parvoz — Turkish Airlines kompaniyasining Toshkent — Mayami reysi bo‘ldi. Chipta yo‘lovchiga 90,6 mln so‘mdan oshiqqa tushdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Aviatsiya xodimlari uchun majburiy tibbiy ko‘rik tartibi haqida yozgan edik.