
Alisher Qayumov O‘zbekistonning Yangi Zelandiyadagi elchisi etib tayinlandi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, poytaxt Vellingtondagi «Government House» qarorgohida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda O‘zbekistonning Singapurdagi elchisi Alisher Qayumov Yangi Zelandiyada o‘rindoshlik asosidagi elchi sifatida davlat General-gubernatori Dame Sindi Kiroga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Marosim davomida elchi O‘zbekistonni Yangi Zelandiyada anʼanaviy qadimiy marosimlar asosida taqdim etdi va rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazildi. Uchrashuvda so‘nggi yillarda izchil rivojlanib borayotgan O‘zbekiston – Yangi Zelandiya munosabatlari va ularning kelajakdagi istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilm-fan va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.
General-gubernator Dame Sindi Kiro Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. U davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va xalqaro biznes uchun qulay investitsiya muhitini yaratish borasidagi yutuqlarni alohida ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Armanistonning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlangan edi.