
So‘nggi paytlarda fuqarolar tomonidan temir yo‘l poyezdlarining belgilangan jadvaldan kechikishi bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi mahalliy yo‘nalishlarda kechikishlar yuzasidan yo‘lovchilarning huquqlarini himoya qilish choralarini belgilamoqda.
Unga ko‘ra, 2025-yil davomida qo‘mitaga ushbu masala bo‘yicha 51 ta murojaat kelib tushgan. Jumladan, fuqarolardan biri Toshkent — Buxoro — Toshkent yo‘nalishidagi «Sharq» poyezdlari muntazam 40 daqiqadan 1 soatgacha kechikayotganini va chiptalarda poyezd kelish vaqti to‘g‘ri ko‘rsatilmaganini bildirgan. Bu holat yo‘lovchilarning shaxsiy ish rejalariga hamda ularni kutib oluvchi shaxslarning rejalari bilan ziddiyatga olib kelmoqda.
Normativ hujjatlar o‘rganilganda, mahalliy yo‘nalishlarda poyezd kechikishi holatida yo‘lovchilarga pul kompensatsiya to‘lash tartibi ilgari belgilangan emasligi aniqlandi. «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, har bir iste’molchi xizmat sifatini talab qilish, shuningdek, yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplatish huquqiga ega. Shu sababli Raqobat qo‘mitasi Transport vazirligiga so‘rov yuborib, mahalliy yo‘nalishlarda kechikishlar uchun kompensatsiya tartibini joriy etishni so‘radi.
Transport vazirligi ma’lum qilishicha, hozirda «O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transportida yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish qoidalari»ning yangi tahriri ishlab chiqilmoqda. Unda mahalliy yo‘nalishlardagi oddiy va tez yurar poyezdlarda kechikishlar uchun kompensatsiya quyidagi miqdorlarda belgilanishi nazarda tutilmoqda:
- 15–30 daqiqa kechikish uchun yo‘lkira qiymatining 15 foizi;
- 31–60 daqiqa kechikish uchun yo‘lkira qiymatining 25 foizi;
- 61–120 daqiqa kechikish uchun yo‘lkira qiymatining 50 foizi;
- 121 daqiqadan ortiq kechikish uchun yo‘lkira qiymatining 100 foizi.
Avvalroq ushbu tartib faqat «Afrosiyob» poyezdlari uchun amal qilgan bo‘lsa, Raqobat qo‘mitasi so‘rovi natijasida endilikda boshqa mahalliy yo‘nalishlarga ham tatbiq etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent – Andijon yo‘nalishidagi ba’zi poyezdlar qatnovi to‘xtatilishi haqida yozgandi.