
Telegram platformasida foydalanuvchilar uchun qulaylik va funksionallikni oshirishga qaratilgan yangi imkoniyatlar taqdim etildi. Bu haqda Telegram rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Telegram yangilanishi doirasida sun’iy intellekt asosida ishlovchi matn muharriri joriy qilindi. Ushbu vosita yordamida foydalanuvchilar grammatikani tezda tuzatish, matnni boshqa uslubda qayta yozish yoki xabarni boshqa tilga tarjima qilishlari mumkin. Muharrir ochiq manbali SI asosida ishlaydi va barcha so‘rovlar foydalanuvchi ma’lumotlariga kirishsiz, himoyalangan Cocoon Network muhitida qayta ishlanadi. Mazkur funksiya Premium obunachilar uchun taqdim etilgan.

Yangilanish doirasida so‘rovnomalar imkoniyatlari ham kengaytirildi. Endilikda savollarga multimedia fayllari va geolokatsiyani biriktirish, kontekst uchun izoh qo‘shish, ishtirokchilarga yangi javob variantlarini taklif qilish imkonini berish hamda kim qanday ovoz berganini ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, platforma iOS’da Live Photos va Android’da Motion Photos funksiyalarini nativ qo‘llab-quvvatlay boshladi. Foydalanuvchilar endi takrorlanuvchi suratlarni yuborishi mumkin bo‘lib, media muharririda Live, Loop va Bounce rejimlaridan birini tanlash imkoniyati mavjud. Live rejimida surat bir marta ijro etiladi, Loop rejimida uzluksiz aylanadi, Bounce rejimida esa oldinga va orqaga takrorlanadi. iOS foydalanuvchilari uchun esa o‘rnatilgan hujjat skaneri ham qo‘shildi.
Bundan tashqari, uchinchi tomon ilovalari haqida ogohlantirish funksiyasi joriy etildi. Unga ko‘ra, foydalanuvchilar suhbatdoshi norasmiy mijozdan foydalanayotganini ko‘ra oladi. Shuningdek, Rossiyada yaqin vaqt ichida Telegram Premium obunasini rasmiylashtirish texnik jihatdan imkonsiz bo‘lishi mumkinligi haqida foydalanuvchilarga bildirishnomalar yuborila boshlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Instagram platformasida bir qator yangi funksiyalarni taqdim etadigan pullik obuna paydo bo‘lishi haqida yozgan edik.