Yangiliklar

Telegramga yangi funksiyalar qo‘shildi, Iroqda amerikalik jurnalist o‘g‘irlandi — 1-aprel kungi yangiliklar dayjesti

Kursiv Uzbekistan 1-aprel kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi
Foto: Gizchina.com

Kursiv Uzbekistan 1-aprel kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi

1-maydan aliment to‘lamaganlarga moliyaviy va davlat xizmatlari cheklanadi

tasdiqlandi
Foto: Facebook

Endilikda qarzdor vafot etgan, vafot etgan deb e’lon qilingan yoki bedarak yo‘qolgan deb topilgan holatlarda unga nisbatan yuritilgan ijro ishlari davlat ijrochisining qarori bilan tugatiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, ayrim ijro hujjatlarini majburiy ijroga topshirishdan oldin, ularni tegishli davlat organi yoki tashkilotga berish undiriluvchining huquqi sifatida belgilanadi. Bunday hujjatlar qatoriga yuridik shaxslar tomonidan qarzdor jismoniy shaxsning ish haqi va boshqa daromadlaridan undiruvni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari ham kiritiladi.

Telegram’da yangi funksiyalar: SI muharrir, kengaytirilgan so‘rovnoma va Live Photos

Foto: Eyestetix Studio / Unsplash

Telegram platformasida foydalanuvchilar uchun qulaylik va funksionallikni oshirishga qaratilgan yangi imkoniyatlar taqdim etildi. Bu haqda Telegram rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Telegram yangilanishi doirasida sun’iy intellekt asosida ishlovchi matn muharriri joriy qilindi. Ushbu vosita yordamida foydalanuvchilar grammatikani tezda tuzatish, matnni boshqa uslubda qayta yozish yoki xabarni boshqa tilga tarjima qilishlari mumkin. Muharrir ochiq manbali SI asosida ishlaydi va barcha so‘rovlar foydalanuvchi ma’lumotlariga kirishsiz, himoyalangan Cocoon Network muhitida qayta ishlanadi. Mazkur funksiya Premium obunachilar uchun taqdim etilgan.

Iroqda amerikalik jurnalist Shelli Kittleson o‘g‘irlandi

Foto: Instagram / Shelli Kittleson

Iroqning Bag‘dod shahrida amerikalik jurnalist Shelli Kittleson 31-mart kuni noma’lum shaxslar tomonidan kuch ishlatilishi oqibatida o‘g‘irlab ketildi.  Bu haqda CNN xabar berdi. AQSh rasmiylari ushbu vaziyatni diqqat bilan kuzatayotgani va Iroq hukumati bilan yaqin hamkorlikda ish olib borayotganini ma’lum qildi. Hozircha hodisa ortida turgan kuchlar aniq aytilmagan bo‘lsa-da, ayrim manbalar jurnalist ilgari Kataib Hizbulloh bilan bog‘liq tahdidlarga duch kelganini bildiradi.

Prezident Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berdi — foto, video

Prezident Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga "start" berdi
Prezident Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga «start» berdi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etib, poytaxtda Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga «start» berdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tadbirda davlat yetakchisi azaldan Navro‘z kunlarida, farzand tug‘ilganda yoki ezgu niyat bilan daraxt ekish an’anasi mavjudligini ta’kidladi. Shu qadriyatlar asosida so‘nggi besh yilda har yili 200 mln tup ko‘chat ekib kelinayotgani qayd etildi.

«Xalqimizda “Yaxshidan bog‘ qoladi», «Bir ko‘chat – ming baraka», «Farzand ko‘rsang, to‘y qilsang, daraxt ek», deb bejiz aytilmagan. Bunday hikmatli so‘zlarning ahamiyati hozir har qachongidan ham dolzarb bo‘lib borayotganini barchamiz kundalik hayotda his etib turibmiz», – deya qayd etgan prezident.

The Ring jurnali Bahodir Jalolovni jahonning Top – 10 bokschilari safiga kiritdi

Foto: Instagram / Bahodir Jalolov

Boks olamining eng nufuzli nashri hisoblangan The Ring jurnali Butunjahon boks tashkiloti (WBO) yo‘nalishi bo‘yicha yangilangan reytingni e’lon qildi. Mazkur ro‘yxatda ikki karra Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov 8-o‘rindan joy oldi.

Mazkur yo‘nalishda Fabio Uordli amaldagi jahon chempioni, Oleksandr Usik esa superchempion sifatida qayd etilgan. Ro‘yxatda, shuningdek, Daniel DyubuaEntoni Joshua va Derek Chisora kabi nomdor bokschilarni ham ko‘rish mumkin.

Iroq Boliviyani yengib, JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan so‘nggi jamoaga aylandi

Foto: Ashard Al-Awsat

Meksikaning Monterrey shahrida bo‘lib o‘tgan o‘yinda Iroq terma jamoasi Boliviyani 2:1 hisobida mag‘lub etib, 2026-yilgi Jahon chempionatining so‘nggi – 48-yo‘llanmasiga ega chiqdi.

Dastlab birinchi bo‘limning 10-daqiqasida Ali Al-Hamadi Iroqni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 38-daqiqada Moyzes Paniagua muvozanatni tikladi. Hal qiluvchi golni 53-daqiqada Aymen Husayn kiritdi va bu Iroqqa g‘alabani taqdim etdi. Bungacha Iroq qit’alararo pley-offga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma olgan bo‘lsa, Boliviya o‘tgan haftada o‘zining yarim finalida Surinam ustidan irodali g‘alabaga erishgan edi.

O‘zbekistonda yashillik darajasi 14,2 foizga yetdi

O‘zbekistonda yashillik darajasi 14,2 foizga yetdi
Foto: Pexels

Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘chat ekish tadbirida har yili 200 mln tup ko‘chat ekilayotganini qayd etdi. Mamlakatda yashillik darajasi 8 foizdan 14,2 foizga yetgan. O‘tgan davrda 2 ming gektardan ortiq maydonda 942 ta yashil bog‘ va jamoat parklari tashkil etildi. Shuningdek, 47 ta massivda «Yangi O‘zbekiston bog‘lari» barpo qilindi. Bu loyihalar aholiga dam olish va ekologik muhitni yaxshilashga xizmat qilmoqda.

JCh play-off: Italiya qatorasiga uchinchi marta jahon chempionatini o‘tkazib yuboradi

Foto: The Mirror

Yevropada 2026-yilgi Jahon chempionati saralashining so‘nggi pley-off uchrashuvlari yakunlandi. To‘rt karra jahon chempioni Italiya yana turnirdan chetda qolgan bo‘lsa, Turkiya 24 yillik tanaffusdan so‘ng mundialga qaytmoqda.

Bosniya va Gersegovina — Italiya 1:1 pen (4:1)

Foto: Al Jazeera

Uchrashuvning 15-daqiqasida Moyze Kin italyanlarni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 41-daqiqada Alessandro Bastoni qizil kartochka olib, jamoasini ozchilikda qoldirdi. Bosniyaliklar safida Xaris Tabakovich burchak zarbasidan so‘ng hisobni tenglashtirdi va o‘yin penaltilar seriyasiga ulandi. Seriyada Esmir Bayraktarevich hal qiluvchi zarbani aniq amalga oshirib, jamoasiga 4:1 hisobidagi g‘alabani keltirdi.