10 ming dollar evaziga sud hukmini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan advokat ushlandi

Toshkent viloyatida $10 ming evaziga sud hukmini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan advokat ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ma’lum qildi.
DXX o‘tkazgan tezkor tadbir davomida advokatlik byurosi advokati pora olayotgan vaqtida qo‘lga tushdi. U mahalliy fuqaroga nisbatan sud tomonidan tayinlangan 2 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini yengillashtirib berishni va’da qilgan. Advokat sud tizimidagi tanishlari orqali jazoni ozodlikni cheklash turiga o‘zgartirib berishini aytgan.
Mazkur xizmat evaziga u $10 ming talab qilgan va pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirda advokatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Navoiy viloyatida salkam 160 million so‘mlik dorilar savdosiga chek qo‘yilgani haqida yozgan edi.