Yangiliklar

Aholi arzon ko‘mir olishi uchun oldindan to‘lov qiladi — «Oʻzbekkoʻmir»

mycoal.uz portali orqali buyurtma beruvchi fuqarolar bilan fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuziladi
Foto: «Oʻzbekkoʻmir»

O‘zbekistonda 2026-yilgi qish mavsumidan boshlab fuqarolar ko‘mir xaridi uchun oldindan to‘lovni amalga oshiradi va yetkazib berish shartlari shartnoma asosida belgilanadi. Bu haqda 31-mart kuni «Oʻzbekkoʻmir» AJ tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, endilikda mycoal.uz portali orqali buyurtma beruvchi fuqarolar bilan fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuziladi.

Kompaniya vakillarining tushuntirishicha, yangi tizimda asosiy ikki talab — to‘lov va yetkazib berish muddati aniq ko‘rsatiladi. Fuqarolar ko‘mir uchun to‘liq yoki qisman oldindan to‘lov qiladi, evaziga esa belgilangan vaqtda mahsulot yetkazib berilishi kafolatlanadi.

«Shartnoma asosida ishlasak, fuqaroda ham majburiyat bo‘ladi. Oldindan to‘lov qilinadi va ko‘mir belgilangan muddatda yetkazib beriladi. Hozir esa buyurtma berilgandan keyin uni olish majburiyati yo‘q, natijada ko‘mir omborda qolib ketishi mumkin», — dedi «Oʻzbekkoʻmir» AJ bosh direktorning oʻrinbosari Erkin Yoqubov.

Shuningdek, mavjud tizim to‘liq quvvatda ishlamayotgani ham qayd etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda portal imkoniyatlarining atigi 30 foizi amalda qo‘llanilmoqda. Yangi o‘zgarishlar orqali barcha jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish, oraliq bo‘g‘inlarni qisqartirish va hisob-kitoblarni elektron shaklga o‘tkazish rejalashtirilgan.

Yil davomida foydalanuvchilarga mobil qurilmalar orqali buyurtma berish va to‘lovni amalga oshirish imkonini beruvchi tizim ham ishga tushiriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan konlar atrofida sanoat korxonalarini joylashtirish bo‘yicha 200 mln dollarlik loyihalar shakllantirilishi haqida yozgandi.