Buxoroning har bir tumanida naslli qoramol fermalari tashkil etiladi

Buxoro viloyatida chorvachilikni rivojlantirish maqsadida har bir tumanda 50 bosh naslli qoramolga mo‘ljallangan zamonaviy mini fermalar tashkil etiladi. Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida qishloq xo‘jaligi, turizm va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi sohasida zamonaviy yerdan foydalanish texnologiyalari va irrigatsiya tizimlarini joriy etish orqali 100 ming gektar yerni foydalanishga kiritish imkoniyati, shuningdek, viloyatdagi 3 mln gektar yaylov yerlarini samarali ishlatish, chorvachilikni rivojlantirish va ozuqabop ekinlar maydonini kengaytirish bo‘yicha yangi yondashuvlar muhokama qilindi.
Joriy yilda 59,2 ming gektar maydonga to‘liq ozuqabop ekinlar ekish, 82 ta chorvachilik loyihasi uchun chetdan 20 ming bosh naslli qoramol, 30 ming bosh qo‘y va 200 bosh ot olib kelish rejalashtirilgan. Paxtachilik va g‘allachilikda hosildorlikni oshirish, suv tejash, melioratsiya tizimini yaxshilash va 742 ta qishloq xo‘jaligi texnikasini olib kelish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Chorvachilik va xizmatlar sohalarida har bir tumanda 50 bosh naslli qoramolga mo‘ljallangan zamonaviy mini fermalar tashkil etiladi. Loyiha orqali 5,5 ming bosh naslli qoramol olib kelinishi va 3,75 ming yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Xizmatlar va aholi bandligini ta’minlash yo‘nalishida 49 ta loyiha amalga oshirilishi, 33 ta savdo va servis ko‘chasi, 4 ta turizm mahallasi va 10 ta yo‘l bo‘yi loyihasi tashkil etilishi belgilandi.
Turizm sohasida Buxoro shahri va viloyatning boshqa tumanlaridagi imkoniyatlar to‘liq ishga solinadi. 2026-yilda 3,5 mln xorijiy va 5,5 mln mahalliy sayyohni jalb qilish, 73 ta yangi joylashtirish vositasi va 15 ta yangi turoperator ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Buxoro shahrida xalqaro brendli mehmonxonalar, turizm qishloqlari va Mohi Xosa turizm mahallasi tashkil etiladi.
Bundan tashqari, infratuzilma va kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Krems universiteti bilan qo‘shma fakultet ochish, Buxoro turizm va madaniy meros texnikumini ushbu oliygoh boshqaruviga berish, uy-joy va transport infratuzilmasini rivojlantirish, shahar va tumanlarda yangi yo‘l, suv va elektr tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha aniq choralar belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kogon tumanida yiliga 80 mingta elektr va gibrid avtomobil ishlab chiqarilishi haqida xabar qilgan edik.