Farg‘ona viloyatida noqonuniy zargarlik buyumlari savdosi fosh qilindi

eʼlon qilindi
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Farg‘ona viloyatida noqonuniy zargarlik buyumlari savdosi fosh qilindi / Foto: Bosh prokuratura departamenti

Farg‘ona viloyatida tegishli hujjatlari bo‘lmagan 2,9 mlrd so‘mlik zargarlik buyumlari savdosi aniqlanib, ularning noqonuniy aylanishi oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.

Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi va Bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ikki fuqaro davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan savdo do‘konida faoliyat yuritib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Ular xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona nazoratini chetlab o‘tgan, shuningdek, bojxona nazoratidan yashirib olib kirilgan zargarlik buyumlarini savdo qilganliklari aniqlangan.

Tekshiruv davomida ushbu shaxslarning tegishli kirim hujjatlari bo‘lmagan jami 418 dona zargarlik buyumi qo‘lga olingan. Buyumlarning umumiy og‘irligi 1898,42 grammni tashkil qilgan bo‘lib, ular qiymati 2,9 mlrd so‘mga tengligi aniqlangan va ashyo dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 182-moddasi (bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) va 228-1-moddasi (davlat proba tamg‘alarini tayyorlash va ulardan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatida salkam 160 million so‘mlik dorilar savdosiga chek qo‘yilgan edi.

Shuningdek