Gretsiyada kuchli qum bo‘roni yuz bermoqda— video

Gretsiyada yuz bergan kuchli qum bo‘roni va shamol oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda BBC mahalliy nashrlarga tayanib xabar bermoqda.
Mamlakatning turli hududlarida «Erminio» bo‘roni kuchli shamol va yomg‘irlarni keltirib chiqardi. Ayrim joylarda suv toshqinlari kuzatildi, ko‘chalar suvostida qoldi. Ba’zi maktablar vaqtincha yopilgan. Krit orolida esa Sahroyi Kabir tomondan kelgan chang bo‘roni havoni qizg‘ish rangga bo‘yadi. Shu sabab ayrim reyslar kechiktirildi yoki bekor qilindi. Orol hududida ogohlantirish e’lon qilingan.
Favqulodda xizmatlar bir sutkada yuzlab chaqiruvlarga javob berganini qayd etgan. Asosan, qulagan daraxtlar va suv bosgan hududlar bilan bog‘liq holatlar kuzatilgan.
Kuchli shamol sabab parom qatnovlari ham vaqtincha to‘xtatildi. Ayrim hududlarda ko‘priklar zarar ko‘rdi va avtomobillarni suv oqimi olib ketgani aytilmoqda.
Bir kishi vafot etgan. Jarohat olganlar yoki zarar ko‘lami haqida aniq ma’lumot taqdim etilmagan. Qurbon bilan hodisa Afina yaqinidagi Nea Makri hududida yuz bergan. Erkak avtomobil ostidan topilgan, deya xabar bergan yong‘in xizmati.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQShdagi kuchli qor bo‘roni qurbonlari 30 kishiga yetgani haqida yozgan edi.