Yangiliklar

Ilon Mask asos solgan SpaceX kompaniyasi IPOga chiqmoqchi

Baholashlarga ko‘ra, kompaniya birjada $1 trlndan ortiq qiymatga ega bo‘lishi kutilmoqda
Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi IPOga chiqmoqchi
Foto: CNBC

Ilon Mask asos solgan SpaceX IPOga chiqib ochiq aksiyadorlik kompaniyasiga aylanish arafasida turibdi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

Kompaniya AQShning Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga IPO uchun maxfiy ariza topshirdi. Bu orqali SpaceX aksiyalarini fond bozorida sotishni boshlashi mumkin. Baholashlarga ko‘ra, kompaniya birjada $1 trlndan ortiq qiymatga ega bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa uni tarixdagi eng yirik IPOlardan biriga aylantiradi.

Agar bu reja amalga oshsa, Ilon Mask dunyodagi birinchi trillionerga aylanishi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, SpaceX iyun oyida birjaga chiqishni rejalamoqda. IPO jarayonida kompaniya $50 mlrdgacha mablag‘ jalb qilmoqchi.

Oldinroq SpaceX Maskning sun’iy intellekt kompaniyasi xAIni o‘z tarkibiga qo‘shib olgan edi. Ushbu kelishuvdan so‘ng kompaniya qiymati $1,25 trlnga yetgani aytilmoqda. Mask kompaniyalari o‘rtasidagi integratsiya kuchaymoqda. xAI ilgari X platformasini ham o‘z nazoratiga olgan edi.

Tahlilchilarga ko‘ra, bu jarayon investorlar uchun xarajatlarni optimallashtirish va resurslarni birlashtirish imkonini beradi. Shu bilan birga, SpaceX katta loyihalar uchun katta moliyaviy resurslarga muhtoj.

Kompaniya hozirda raketalar ishlab chiqarish va Starlink sun’iy yo‘ldosh tizimini rivojlantirish bilan shug‘ullanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Forbes dunyoning eng boy insonlar ro‘yxatini yangilagani haqida yozgan edi.