Jomboyda yonilg‘i shoxobchasi 6,4 milliard soʻmlik tabiiy gazni «o‘g‘irladi»

Samarqand viloyatining Jomboy tumanida 6,4 mlrd soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati fosh etildi. Bu haqda «Hududgazta’minot» AJ ma’lum qildi.
«Hududgazta’minot» AJ Metrologik ta’minot boshqarmasi, «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali mutaxassislari va huquq-tartibot organlari hamkorligida avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchasi (AGTKSH)da xatlov oʻtkazildi.
Tekshiruv davomida loyiha-texnik hujjatlardan tashqari ortiqcha kompressor oʻrnatilgani va hisoblagichning ruxsat etilgan maksimal oʻlchash chegarasidan chetga chiqib, 6,4 mlrd soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani ma’lum bo‘ldi.
Holat boʻyicha rasmiy dalolatnoma tuzildi va barcha tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda salkam 1 milliard soʻmlik tabiiy gaz «o‘g‘irlangan» edi.