Kogon tumanida yiliga 80 mingta elektr va gibrid avtomobil ishlab chiqariladi

eʼlon qilindi
Natijada 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi
Kogon tumanida yiliga 80 mingta elektr va gibrid avtomobil ishlab chiqariladi / Foto: President matbuot xizmati

Buxoro viloyati Kogon tumanida yiliga 80 mingta elektr va gibrid avtomobil ishlab chiqarishga mo‘ljallangan $350 mlnlik loyiha amalga oshiriladi. Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida iqtisodiy salohiyatni oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalarini muhokama qildi.

Viloyatning sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar va turizm sohalarida katta imkoniyatlarga ega ekanligi ta’kidlandi. Hozirda viloyatda ikki yirik neft-gaz kimyo korxonasi faoliyat yuritmoqda, yana biri barpo etilmoqda. Shuningdek, 10 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyasining qurilishi davom etmoqda.

2025-yilda hududiy yalpi mahsulot 7,2 foizga oshib, 86,6 trln so‘mga yetdi. Sanoatda 7,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,3 foiz, xizmatlar sohasida 14 foiz o‘sish qayd etildi. Ishsizlik 4,7 foizga, kambag‘allik darajasi 6 foizga tushdi.

2026-yilda yalpi hududiy mahsulot hajmini 102,1 trln so‘mga yetkazish, sanoat hajmini 9,1 foizga, qishloq xo‘jaligini 5,9 foizga, xizmatlar hajmini 20,1 foizga oshirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, 18 ming yangi ish o‘rni yaratish va aholi jon boshiga sanoat hajmini 29,6 mln so‘mga yetkazish vazifalari belgilandi.

Viloyatning Kogon tumanida yiliga 80 mingta elektr va gibrid avtomobil ishlab chiqarish loyihasi rejalashtirilgan. Loyihaning qiymati $350 mlnni tashkil etib, natijada 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Shu bilan birga, Buxoro tumanida pirolizni qayta ishlash orqali benzol, toluol, ksilol, pentan, geksan, bitum va kalsiy xlorid ishlab chiqarish bo‘yicha $220 mlnlik loyiha, Qorovulbozor tumanida $85 mlnlik loyiha asosida AI-91 va AI-92 benzin ishlab chiqarish kengaytiriladi, Kogon tumanida esa qog‘oz va karton mahsulotlari tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, Qorovulbozor tumanida yiliga 100 ming tonna mineral o‘g‘it, Kogon tumanida gipsokarton ishlab chiqarish hajmini oshirish rejalari ham muhokama qilindi. Viloyatdagi 61 ta sanoat zonasidagi bo‘sh yer maydonlarida yangi ishlab chiqarishlar uchun ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.

Jumladan, Buxoro shahri va Buxoro tumanida oziq-ovqat va mebelchilik, Vobkentda charm va yengil sanoat, Kogon va Qorovulbozorda neft-kimyo, Shofirkon va Peshkuda farmatsevtika hamda oziq-ovqat, G‘ijduvonda qurilish materiallari ishlab chiqarish ustuvor hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Namangan viloyatida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan edi.

Shuningdek