
Toshkent shahrining Yashnobod tumanida mast holatda mashina boshqargan Malibu egasi PPX xodimiga qo‘l ko‘tardi. Bu haqda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev ma’lum qildi.
Voqea Malibu va Leapmotor avtomobillari ishtirokida yo‘l-transport hodisasidan boshlangan. Ma’lum qilinishicha, to‘qnashuvdan so‘ng haydovchilar o‘rtasida tortishuv kelib chiqqan. Leapmotor haydovchisi 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, davlat raqamisiz Malibu haydovchisi avariya sodir etgani va unga nisbatan qo‘pollik qilayotganini bildirgan.
Voqea joyiga yetib kelgan yo‘l-patrul xizmati xodimlari holatni rasmiylashtirish jarayonida Malibu haydovchisining mast ekanini aniqlagan. Unga alkotester orqali tekshiruvdan o‘tish taklif qilingan. Biroq haydovchi xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmagan. U faol qarshilik ko‘rsatib, hatto jismoniy kuch ishlatgan.
Holat yuzasidan ushbu shaxs protsessual tartibda ushlangan. Yashnobod tumani prokuraturasi tomonidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi ikkinchi qismi hamda 277-moddasi uchinchi qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Huquq-tartibot idoralari mazkur shaxsning harakatlaridan jabrlangan fuqarolarni yaqin atrofdagi ichki ishlar bo‘limiga yoki 102 raqamiga murojaat qilishga chaqirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jizzax viloyatida yuk mashinasi chuqurlikka ag‘darilgani haqida yozgan edi.