
«Moskvich» kompaniyasi o‘zining «Moskvich 3e» avtomobili yangilanishi haqida ma’lum qildi. «Tarantas Nyus» nashriga ko‘ra, elektromobil joriy yil oxirigacha yangi raqamli imkoniyatlarga ega bo‘ladi.
Yangilanishlar asosiy komponentlarni mahalliylashtirish jarayoni bilan birga olib borilmoqda. Xususan, tortish batareyalarini ishlab chiqarishni Moskva yaqinidagi Krasnaya Paxra hududida yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Ayni paytda avtomobilning oynalari, shinalari, diskalari hamda ichki va tashqi detallarining bir qismi allaqachon mahalliylashtirilgan.

Modelda telematik xizmatlar ham joriy etiladi. Ushbu tizim avtomobilni mobil ilova orqali masofadan boshqarish imkonini beradi. Foydalanuvchilar dvigatelni masofadan ishga tushirish yoki o‘chirish, eshiklarni ochish va yopish, shuningdek, salonni oldindan isitish yoki sovitish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, ilova avtomobil joylashuvi, yonilg‘i darajasi, akkumulyator holati va shinalardagi bosimni kuzatish imkonini beradi. Shuningdek, signalizatsiya ishga tushganda yoki boshqa muhim holatlar yuz berganda ogohlantirish yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri «Moskvich 5» loyihasi rasman yopilgani haqida yozgan edi.