Yangiliklar

Murojaatlar muddatida ko‘rib chiqilmasa, avtomatik yuqori tashkilotga o‘tkaziladi

1-may sanasidan boshlab Prezident virtual qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlar ustidan nazorat kuchaytiriladi
Davlat organlari murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha baholanadi
Foto: URA

O‘zbekistonda belgilangan muddatda ko‘rilmagan murojaatlar avtomatik yuqori tashkilotga o‘tkazilib, tizim esa toifalarga ajratilib nazorat qilinadi. Bu haqda prezident farmoni qabul qilindi.

Shu yilning 1-may sanasidan boshlab Prezident virtual qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlar ustidan nazorat kuchaytiriladi. Endilikda belgilangan muddatda ko‘rib chiqilmagan murojaatlar avtomatik tarzda yuqori turuvchi davlat organiga o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, murojaatlar «shoshilinch», «odatdagi» va «maslahat talab qiluvchi» kabi toifalarga ajratiladi. Qayta nazoratga olingan murojaatlar esa 3 ish kuni ichida yuqori tashkilotlar tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi shart bo‘ladi.

Yangi tartibga muvofiq, davlat organlari rahbarlarining aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha hisobotlari muntazam ravishda eshitib boriladi. Markaziy idoralar hisobotlari parlamentda, hududiy rahbarlar esa Senat yoki mahalliy kengashlarda har chorakda kamida bir marta hisobot beradi.

Bundan tashqari, davlat organlarining axborot xizmatlari Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda murojaatlar bilan ishlash jarayonini yoritadi. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan e’tirozlar ham alohida o‘rganilib, bu tashkilotlar faoliyatini baholashda inobatga olinadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan davlat organlari murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha baholanishi haqida yozgandi.