Prezident huzurida Xalq qabulxonasi tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti farmoni bilan Prezident huzurida Prezident Xalq qabulxonasi ochiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko’ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari tegishli qabulxonaga jamoat asosida rahbarlik qiladi. Ular fuqarolarni shaxsan qabul qiladi, murojaatlarni tahlil qiladi va muammolarni joyida hal qilish choralarini ko‘radi.
Davlat organlari va mahalliy hokimliklar tomonidan o‘tkaziladigan shaxsiy va sayyor qabul jarayoni to‘liq raqamlashtiriladi, bu orqali murojaatlar ustidan nazorat kuchaytiriladi.
Shuningdek, jamoaviy murojaatlar aholi vakillari va «mahalla yettiligi» ishtirokida o‘rganilib, ularning roziligi asosida nazoratga olinadi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda belgilangan muddatda ko‘rilmagan murojaatlar avtomatik yuqori tashkilotga o‘tkazilib, tizim esa toifalarga ajratilib nazorat qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Farruh Omonov Prezident Xalq qabulxonasiga rahbar etib tayinlangani haqida yozgandi.
Ma’lumot uchun, 2025-yil iyun oyida Xalq qabulxonalari tizimidagi barcha xodimlari ishdan bo‘shatilgandi.