
Subaru kompaniyasi AQShda Subaru Getaway elektromobilini taqdim etdi. Bu haqda Carcoops nashri xabar bermoqda.
Yangi krossover uch qatorli salon bilan taqdim etildi. U brend tarixidagi eng kuchli seriyali avtomobilga aylandi. Model Toyota bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. U elektr Toyota Highlander EV asosida yaratilgan.

Getaway ikki elektr motor bilan jihozlangan. Ularning umumiy quvvati 420 ot kuchiga teng. Avtomobil 0 dan 96 km/soatgacha 5 soniyadan kam vaqtda tezlashadi. Salon zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Unda 14 dyuymli multimedia ekrani va 12,3 dyuymli raqamli panel bor. Apple CarPlay va Android Auto simsiz ishlaydi.
Barcha versiyalar to‘liq yuritmaga ega. X-Mode tizimi yo‘ldan tashqarida harakatni yaxshilaydi. Klirens 210 mmni tashkil etadi. Batareya sig‘imi 95,8 kVt/soat. Bir zaryad bilan taxminan 480 km masofa bosib o‘tiladi. 2027-yilda arzonroq versiya ham chiqadi.

Model Tesla Supercharger tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi. 150 kVt quvvatda batareya 30 daqiqada 10 foizdan 80 foizgacha to‘ldiriladi. Narx hali ochiqlanmadi. Taxminan boshlang‘ich narx $50 ming bo‘lishi kutilmoqda. Sotuvlar AQShda yil oxirigacha boshlanishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi avlod Toyota Corolla an’anaviy dvigatellar bilan ishlab chiqarilishi haqida yozgan edi.