
Toshkentda fuqaro sud qaroridan noroziligini g‘ayrioddiy usulda bildirdi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov Telegram’dagi kanalida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 1979-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan fuqaro o‘ziga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud qarorlaridan norozi ekanini bildirib, daraxtga chiqqan. U pastga tushirilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda fuqaroga hech qanday jarohat yetmagani aniqlangan.
Shundan so‘ng u Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov tomonidan qabul qilindi. Uning murojaati belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun rasmiylashtirilgan. Ma’lum qilinishicha, fuqaro avval ham sudlangan. Chilonzor tumani sudining 2020-yil 5-oktabrdagi hukmiga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Shu bilan birga, u Jinoyat kodeksining 184-moddasi bo‘yicha ayblovdan oqlangan.
Birinchi instansiya sudi chiqargan hukm yuqori sud instansiyalarida ko‘rib chiqilib, o‘zgarishsiz qoldirilgan. 2025-yil 29-noyabr kuni ham fuqaro Oliy sud raisi qabulida bo‘lgan. O‘shanda unga sud qarorlarini o‘zgartirish uchun yetarli asos yo‘qligi ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan $10 ming evaziga sud hukmini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan advokat ushlangani haqida yozgan edi.