Yangiliklar

Turkiyada migrantlar qayig‘ining ag‘darilishi oqibatida 18 kishi halok bo‘ldi

Qutqaruvchilar 21 nafar migrantni tirik holda olib chiqqan
Turkiyada migrantlar qayig‘ining ag‘darilishi oqibatida 18 kishi halok bo‘ldi
Foto: APA

Turkiya hududida migrantlar qayig‘ining ag‘darilishi oqibatida 18 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Deutsche Welle (DW) mahalliy nashrlarga tayanib xabar bermoqda. Hodisa erta tongda Egey dengizida sodir bo‘lgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qayiq Yevropaga yo‘l olgan migrantlarni olib ketayotgan bo‘lgan. Turkiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati uni to‘xtatishga uringan, ammo qayiq haydovchisi ogohlantirishlarga bo‘ysunmay qochishga harakat qilgan. Kuchli to‘lqinlar sabab qayiq ichiga suv kira boshlagan va u Bodrum yaqinida ag‘darilib ketgan.

Hodisa oqibatida kamida 18 kishi halok bo‘lgan. Qutqaruvchilar 21 nafar migrantni tirik holda olib chiqqan. Yana bir necha kishi bedarak yo‘qolgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Hodisa joyiga Izmirdan kemalar va vertolyot yuborilgan. Qayiq qayerdan yo‘lga chiqqani va aniq yo‘nalishi hozircha ochiqlanmagan.

Rasmiylarning qayd etishicha, Yevropaga yetib borishga urinayotgan migrantlar ko‘pincha xavfli yo‘llarni tanlaydi. Ular noqonuniy tashuvchilar tomonidan taqdim etilgan eski va ortiqcha yuklangan qayiqlardan foydalanadi.

Gretsiyaning Kos oroli Bodrumdan atigi 20 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, bu yo‘nalish migrantlar orasida eng ko‘p qo‘llaniladigan marshrutlardan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Turkiyada Hande Erchel va uning sobiq yigitini hibsga olishga orden berilgani haqida yozgan edi.