
Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi maktablardan birida o‘quvchiga nisbatan zo‘ravonlik qilingani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasi matbuot xizmati rasmiy izoh bilan chiqdi.
Ushbu vaziyat maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari va 9-sinf o‘quvchisi o‘rtasida yuz bergani aytilmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voqea darslardan keyin sodir bo‘lgan. Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tekshiruv ishlari boshlangan.
«Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi o‘quvchilarga nisbatan har qanday qo‘pol munosabatni keskin qoralaydi», — deyiladi izohda.
Holat yuzasidan maxsus ishchi guruh tuzilgan. Barcha tafsilotlar batafsil o‘rganilib, yakuniy xulosa asosida qo‘shimcha ma’lumot berilishi keltirildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Namanganda 53 yoshli o‘qituvchi voyaga yetmagan qizga zo‘ravonlikda gumon qilinayotgani haqida yozgandi.