Avto

Xiaomi Auto mart oyida 20 mingdan ortiq elektromobil yetkazib berdi

Mart oyida yangi Xiaomi SU7 modeli yetkazib berilishi boshlangan
Xiaomi Auto mart oyida qancha avtomobil yetkazdi
Foto: EV insights

Xiaomi Auto tomonidan e’lon qilingan 2026-yil mart oyidagi natijalarga ko‘ra, kompaniya mart oyida 20 mingdan ortiq elektromobil yetkazib berdi. Bu ko‘rsatkich fevral darajasida saqlanib qolgan.

Mart oyida yangi Xiaomi SU7 modeli yetkazib berilishi boshlandi. Model 23-martdan keyin atigi 9 kun ichida 7 mingdan ortiq mijozga topshirildi. Shu bilan birga, ilgari rekord darajada talab bo‘lgan Xiaomi YU7 modeli bo‘yicha buyurtmalar sekinlashayotgani kuzatilmoqda. Bu model 2025-yil iyun oyida taqdim etilgach, juda tez mashhurlikka erishgan edi.

YU7 uchun dastlabki buyurtmalar qisqa vaqt ichida yuz minglab donaga yetgan. 2026-yil yanvarida esa yetkazib berishlar 37,8 ming donaga chiqib, model ichki bozorda eng ko‘p sotilgan avtomobilga aylangan. Hozir esa vaziyat o‘zgarib bormoqda. Avval YU7 uchun kutish muddati 1 yilga yaqin bo‘lgan bo‘lsa, hozir u 7–14 haftagacha qisqargan. Bu ishlab chiqarish oshgani bilan birga buyurtmalar kamayganini ham ko‘rsatadi.

Foto: CarNewsChina

Ma’lumotlarga ko‘ra, fevral oyiga kelib YU7 bo‘yicha umumiy yetkazib berishlar 200 ming donadan oshgan. Bu esa dastlabki katta buyurtmalar deyarli bajarilganini anglatadi. Tahlilchilar hisobiga ko‘ra, hozir haftalik yangi buyurtmalar 4 ming atrofida. Bu esa avvalgi yuqori talab bilan solishtirganda ancha past.

Ekspertlar fikricha, dastlabki «marketing effekti» pasaygani buyurtmalar kamayishiga sabab bo‘lgan. Kompaniya hali to‘liq shakllangan savdo tarmog‘iga ega emas va asosan brend muxlislari hisobiga sotuv qilgan. Shu vaziyatni yaxshilash uchun Xiaomi sobiq Tesla China menejeri Kong Yanshuangni ishga oldi. U kompaniyaning savdo tizimini rivojlantirish uchun mas’ul bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Xiaomi SU7 avtomobili rekord darajada sotilayotgani haqida yozgan edi.