
Xitoyda yangi tadbirkorlik formati – bir kishiga asoslangan kompaniyalar tez sur’atlarda ko‘paymoqda. Bu haqda Business Insider nashri xabar berdi.
Bu model sun’iy intellekt texnologiyalarining rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lib, an’anaviy jamoasiz biznes yuritish imkonini bermoqda.
Alibaba prezidenti Kuo Chjanning ta’kidlashicha, bunday kompaniyalar faoliyatida SI agentlar hal qiluvchi rol o‘ynamoqda. Ular tadbirkorlarga mahsulotlarni onlayn platformalarga joylash, ijtimoiy tarmoqlarni yuritish, mijozlar bilan ishlash va boshqa ko‘plab jarayonlarni avtomatlashtirishda yordam beradi.
Yangi model one-person company (OPC) nomi bilan tanilgan bo‘lib, u yakka tadbirkorlarga katta jamoasiz biznesni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish imkonini beradi. Avvallari bu kabi operatsion vazifalar kichik biznes uchun katta yuk hisoblangan bo‘lsa, endilikda SI vositalari bu muammolarni sezilarli darajada yengillashtirmoqda.
Ayrim hududlarda mahalliy hokimiyatlar ham ushbu yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Startaplar uchun bepul turarjoy, ofislar va katta miqdorda moliyaviy yordam taklif qilinayotgani ushbu trendni yanada jadallashtirmoqda.
Chjanning fikricha, SI agentlar inson o‘rnini egallamaydi, balki tadbirkorning virtual jamoasiga aylanadi. Bu esa bitta odamga to‘liq biznesni samarali boshqarish imkonini beradi.
Shu bilan birga, Alibaba kompaniyasi ham ushbu yo‘nalishda faol ishlamoqda. U kichik biznes va yakka tadbirkorlar uchun maxsus ishlab chiqilgan Accio Work platformasini taqdim etgan. Ushbu tizim marketing, logistika, mijozlar bilan ishlash va boshqa kundalik jarayonlarni avtomatlashtirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoyda o‘quvchilarga ortiqcha uy vazifalari va imtihonlar qisqartirilishi haqida yozgandi.