
Zeekr kompaniyasi Xitoyda Zeekr 7 GT va 007 elektromobillari uchun oldindan buyurtmalarni ochdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Ikkala avtomobil ham uchta komplektatsiyada taqdim etilgan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, modellarning maksimal yurish zaxirasi 905 kmga yetadi. Eng kuchli versiyalarida esa ikki motorli to‘liq yuritma va 784 ot kuchigacha quvvat mavjud.

Yangi modellarda 900 voltli yuqori kuchlanish tizimi qo‘llanilgan. Shuningdek, ular LiDAR sensori va Nvidia chipiga ega G-Pilot H7 yordamchi haydash tizimi bilan jihozlangan. Boshlang‘ich versiya 75 kVt/soat batareya va orqa yuritma bilan taqdim etiladi. Bu variant 100 km/soat tezlikka taxminan 4,8 soniyada chiqadi va 715 kmgacha yuradi.
Katta batareyali versiya 103 kVt/soat sig‘imga ega. U 905 kmgacha yurish imkonini beradi va tez zaryadlash funksiyasi bilan 10 foizdan 80 foizgacha atigi 10 daqiqada to‘ldiriladi. Eng yuqori Ultra versiya ikki motor bilan jihozlangan. Sedanning tezlanishi 2,7 soniyani tashkil etadi. Bu uni eng tez Zeekr modellari qatoriga olib chiqadi.

Modellar qo‘shimcha FR-Line sport paketi bilan ham taklif etiladi. U sport o‘rindiqlar, maxsus salon dizayni va yirik disklar bilan ajralib turadi. Oldindan buyurtma uchun depozit 2000 yuan ($290) etib belgilangan. 10-aprelgacha buyurtma bergan mijozlar uchun 7000 yuan ($1 ming) chegirma taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Zeekr avtomobillari Yevropaga mos multimedia tizimiga ega bo‘lishi haqida yozgan edi.