Avto

Zeekr avtomobillari Yevropaga mos multimedia tizimiga ega bo‘ladi

U Zeekr’ning Entertainment Hub nomli platformasi bo‘lib, Yevropadagi bir nechta modellarga joriy etiladi
Zeekr avtomobillari Yevropaga mos multimedia tizimiga ega bo‘ladi
Foto: Zeekr

Zeekr avtomobillari Yevropa bozori uchun yangi multimedia tizimi bilan jihozlanadi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda. Yangi tizim Geely va 3 Screen Solutions hamkorligida ishlab chiqilgan.

U Zeekr’ning Entertainment Hub nomli platformasi bo‘lib, Yevropadagi bir nechta modellarga joriy etiladi. Hozirda brend ushbu hududda 001, 7GT, X va 7X modellari bilan taqdim etilgan. Yangi tizim Android Automotive OS asosida ishlaydi. U foydalanuvchi interfeysi va tajribasini to‘liq boshqarish imkonini beradi.

Foto: 3SS

Platformaning asosiy afzalligi — 15 dan ortiq global kontent provayderlardan streaming xizmatlar, jonli TV va yangiliklarni avtomobil ekranida tomosha qilish imkonidir. Tizim haydovchiga zaryadlash vaqtida film yoki serial ko‘rish imkonini beradi. Shuningdek, qisqa to‘xtashlarda yangiliklardan xabardor bo‘lish mumkin.

Entertainment Hub, shuningdek, shaxsiylashtirilgan tavsiyalar, yangilanishlar va servis ma’lumotlarini avtomobil ekraniga chiqaradi. Tizim foydalanuvchi odatlariga qarab moslashadi. Yangi platforma Apple CarPlay va Android Auto xizmatlarini to‘ldiradi. Zeekr shu orqali Yevropa foydalanuvchilari uchun qulayroq va zamonaviy ekotizim yaratishni maqsad qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Zeekr 007 va 007 GT avtomobillari qachon chiqishi haqida yozgan edi.