Avto

Chery Exeed EX7 avtomobili qachon taqdim etiladi

Model ilk bor seriyali avtomobilda qo‘llanadigan elektron-mexanik tormoz tizimi bilan ajralib turadi
Chery Exeed EX7 avtomobili qachon taqdim etiladi
Foto: Chery

Chery kompaniyasining premium brendi Exeed yangi Chery Exeed EX7 krossoverini 17-aprel kuni rasman taqdim etadi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Model ilk bor seriyali avtomobilda qo‘llanadigan elektron-mexanik tormoz tizimi bilan ajralib turadi. Yangi EX7’da an’anaviy gidravlik tizim o‘rniga to‘liq elektron boshqaruvga ega EMB tormoz tizimi ishlatiladi. Bu texnologiya tormozlash vaqtini qisqartiradi va xavfsizlikni oshiradi. Kompaniyaga ko‘ra, tizim uch yil davomida ishlab chiqilgan.

Foto: Chery

Krossover Exeed’ning yangi dizayn uslubida yaratilgan. Old qismida bo‘lingan faralar va uzluksiz LED chiziq mavjud. Kuzov uzunligi 4 988 mm, kengligi 1 975 mm, balandligi 1 710 mm. G‘ildirak bazasi 3 000 mm. Salon minimalistik uslubda ishlab chiqilgan. Unda 30 dyuymli yagona displey, raqamli panel, simsiz zaryadlash, panoramali tom va charm o‘rindiqlar mavjud.

Model ikki xil versiyada chiqadi. Range-extender versiyada 1,5 litrli dvigatel va elektromotor ishlaydi. Elektr yurish zaxirasi 182 km va 203 km variantlarda taklif qilinadi. To‘liq elektr versiyada ikki motor mavjud. Old motor 165 ot kuchi, orqa motor 308 ot kuchi beradi. Batareya sig‘imi 97,6 kVt·soat. Yurish zaxirasi 682 km dan 726 km gacha.

Foto: Chery

EX7 Flying Fish Chassis 3.0 platformasiga asoslangan. Kompaniya bu tizim avtomobilga yuqori barqarorlik va xavfsizlik beradi deb ta’kidlamoqda. Yangi model o‘rta segmentdagi elektromobillar, jumladan, Li Auto L8 va Aito M8 bilan raqobatlashadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chery va Jaguar Land Rover yangi Freelander brendini ishga tushirgani haqida yozgan edi.