Yangiliklar

Dorilar narxini oshirgan 991 ta dorixona 8,5 mlrd so‘m asossiz daromad qilgani aniqlandi

Umumiy hisobda 414 mingdan ortiq holatlarda narxlar asossiz oshirilgani qayd etilgan
Dorilar narxini oshirgan 991 ta dorixona 8,5 mlrd so‘m asossiz daromad qilgani ma’lum qilindi
Foto: Pexels

2025 – 2026-yillarda 991 ta dorixona dorilar narxini asossiz oshirib 8,5 mlrd so‘m asossiz daromad qilgan. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi Telegram kanalida ma’lum qildi.

Tekshiruvlar Fair tech yagona axborot tizimi orqali kelib tushgan ma’lumotlar asosida o‘tkazilgan. Dorixonalarning 152 tasi ulgurji, 839 tasi chakana dorixonalarga to‘g‘ri keladi. Umumiy hisobda 414 mingdan ortiq holatlarda narxlar asossiz oshirilgani qayd etilgan. Mablag‘lar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.

Shuningdek, litsenziya talablarini buzish holatlari bo‘yicha materiallar Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga taqdim etildi. Tekshiruvlar yakunida bir qator kompaniyalar litsenziyasidan mahrum qilindi. Ular orasida Farm effekt, Pharma brend, Gipofiz farm, Maxsudbek biznes, The great farm va Medex group pharm mavjud.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qarshi tumanida noqonuniy dorixona fosh etilgani haqida yozgan edi.