
O‘zbekistonda iqtidorli yoshlarni xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qitishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida navbatdagi stipendiya tanlovi boshlandi. Bu haqda jamg‘arma matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi Boshqaruv kengashining tegishli qaroriga muvofiq, 2026-yil uchun 1-ochiq stipendiya tanlovi e’lon qilindi. Tanlov nufuzli xorijiy universitetlarda bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha ta’lim olish imkonini beradi.
Hujjatlar 2026-yil 3-apreldan 24-aprelga qadar (shu kuni soat 23:59 gacha) maxsus onlayn platforma orqali qabul qilinadi. Arizalar barcha talabgorlar uchun yagona tartib va teng imkoniyatlar asosida 24/7 rejimida qabul qilinadi.
2026/2027-o‘quv yili uchun jami 500 ta kvota ajratilgan. Shundan 167 tasi bakalavriat, 232 tasi magistratura, 38 tasi doktorantura dasturlari uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, Prezident qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha 63 ta kvota ajratilgan.
Tanlovda ishtirok etmoqchi bo‘lgan nomzodlar onlayn platforma orqali ro‘yxatdan o‘tib, zarur hujjatlarni topshirishlari mumkin. Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun maxsus murojaat boti ham ishga tushirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq metrologiya yo‘nalishidagi talabalar uchun maxsus stipendiya joriy etilishi haqida yozgan edik.