Avto

iOS 26.4 yangilanishi: endi CarPlay’da ChatGPT bilan ovozli muloqot mavjud

Bu uchun chatbot ishlab chiquvchilari o‘z ilovalarini moslashtirish zarur
iOS 26.4 yangilanishi: endi CarPlay’da ChatGPT bilan ovozli muloqot mavjud / Foto: ArenaEV

Apple kompaniyasi tomonidan chiqarilgan iOS 26.4 yangilanishi avtomobilda sun’iy intellekt bilan muloqot qilish imkoniyatlarini kengaytirdi. Bu haqda ArenaEV nashri ma’lum qildi.

Apple o‘tgan hafta iOS 26.4 yangilanishini taqdim etdi va ushbu versiya orqali CarPlay tizimida uchinchi tomon sun’iy intellekt chatbotlarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyati joriy etildi. Mazkur funksiyadan foydalanish uchun chatbot ishlab chiquvchilari o‘z ilovalarini moslashtirishi talab etildi.

Hozircha ushbu imkoniyat ChatGPT ilovasida ishlay boshlagan. Bu esa foydalanuvchilarga avtomobil ichida CarPlay orqali sun’iy intellekt bilan bevosita muloqot qilish imkonini beradi. Boshqa chatbotlar ham yaqin vaqt ichida ushbu tizimga moslashishi kutilmoqda.

Xavfsizlik talablaridan kelib chiqib, avtomobilda ChatGPT bilan faqat ovozli muloqot qilish mumkin. Matn orqali yozishmalar cheklangan bo‘lib, bu haydovchining diqqatini yo‘ldan chalg‘itmaslikka qaratilgan.

Shuningdek, tizimda suhbatni vaqtincha to‘xtatish yoki yakunlash uchun maxsus tugmalar mavjud. Foydalanuvchilar avvalgi suhbatlar ro‘yxatini ham ko‘rishlari va istalgan payt ularni davom ettirishlari mumkin. Biroq suhbatni boshlash uchun ovozli buyruqdan foydalanib bo‘lmaydi. Buning uchun ilovani qo‘lda ishga tushirish talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq WhatsApp CarPlay foydalanuvchilari uchun alohida ilovani sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgan edik.